
|
|
Begalov Bahodir AbdusalomovichIqtisodiyot fanlari doktori, professor.
|
B.A. Begalov 1968-yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan. 1985-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan.1992-yili Moskva iqtisod-statistika institutini muvaffaqiyatli tugatgan. 1996-yilda Moskva moliya-iqtisod instituti kunduzgi aspiranturasini tugatib, “Исследование и разработка алгоритмов и технологий компьютеризированной реклами (на примере информационних продуктов и услуг)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1996-2011-yillar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida dekan muovini, kafedra mudiri, dekan, ilmiy ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2001-yili “Axborot-kommunikatsiya bozorining shakllanib va rivojlanib borish tendensiyalarini ekonometrik modellashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2011-2016-yillar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2016-2017-yillar Toshkent moliya instituti rektori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
Professor B.A. Begalov milliy iqtisodiyot tarmoq va sohalarida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) samarali qo‘llash yo‘nalishida ilmiy maktab yaratgan. Ushbu ilmiy maktabda professor B.A.Begalov 3 nafar fan doktori, 14 nafar fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilib, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Professor B.A. Begalov hozirgi kunda 338 dan ortiq, umumiy hajmi 718 b. t. dan iborat ilmiy ishlar eʼlon qilib, shundan 4 tasi darslik, 8 tasi o‘quv qo‘llanma, 20 tasi ilmiy monografiya hamda risolalar bo‘lib, ular asosan axborot-kommunikatsiya bozorining shakllanib borishining uslubiy jihatlari, iqtisodiy axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaliyotga samarali joriy qilish, statistika sohasini raqamlashtirish texnologiyalari asosida isloh qilish kabi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy ishlari nufuzli xalqaro va respublika nashriyotlarida chop etilgan. Ilmiy maqolalari respublikamizning nufuzli jurnallari va xalqaro ilmiy jurnallarda, jumladan Koreya, AQSH, Indoneziya, Rossiya Federatsiyasida chop etilgan.
Professor B.A. Begalov xalqaro toifadagi professor sifatida Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi va Taʼlimni axborotlashtirish akademiyasining haqiqiy aʼzosidir.
“Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovlarida professor B.A. Begalov hammuallifligida tayyorlangan o‘quv adabiyotlari quyidagi o‘rinlarni olgan:
“Axborot tizimlari va texnologiyalari” darsligi 2004-yilda 2-o‘rinni, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” o‘quv qo‘llanmasi 2007-yilda 2-o‘rinni, “Shaxsiy kompyuterlar va ulardan samarali foydalanish asoslari” o‘quv qo‘llanmasi 2010-yilda 2-o‘rinni, “Axborot texnologiyalari” o‘quv qo‘llanmasi 2011-yilda 1-o‘rinni va “Informatika va axborot texnologiyalari” darsligi 2011-yilda 3-o‘rinni egallagan.
Shu bilan birga professor B.A. Begalov yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalarni yaratish bilan birga mamlakatimiz statistika tizimini tubdan isloh qilish borasida faoliyat ko‘rsatmoqda, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi va “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonunlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etishda ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida AKTdan samarali foydalanish Konsepsiyasining muallifi hisoblanadi. Tadbirkorlar va boshqaruv subyektlarga davlat statistika hisobotlarini topshirishda keng qulayliklar yaratish borasida “e-Stat 3.0” avtomatlashtirilgan axborot tizimini loyihalashtirgan va amaliyotga joriy qilgan.
Professor B.A. Begalov ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 2007-2011-yillarda F-7-123 «Turizmda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish uslubiyotini ishlab chiqish» mavzusida fundamental ilmiy tadqiqotlarda (64,6 mln.so‘m) faol ishtirok etgan. Uning ilmiy rahbarligida 2012-2016 yillarda F-1-57 “Milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish uslubiyotini ishlab chiqishda axborotlashgan jamiyatning taʼsiri” mavzusida fundamental ilmiy tadqiqotlar (201,9 mln. so‘m) olib borilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-martdagi 65-sonli qarori bilan Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining iqtisodiyot fanlari bo‘yicha aʼzosi etib tasdiqlangan.
Professor B.A. Begalov mamlakatimiz statistika tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning holati va istiqbollari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Senatida maʼruzalar bilan chiqishlar qilgan. Statistik kuzatuv jarayonlariga ilg‘or AKTni qo‘llash bo‘yicha Yevropa statistiklari Konferensiyasi (Parij, 2019 y.) va MDH Statistika xizmatlari rahbarlari Konferensiyasida (Bishkek, 2019 y.) maʼruzalar qilgan.
Professor B.A. Begalov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari” kafedrasi professori hisoblanadi va “Iqtisodiy tahlilda grafik vositalar” va “Iqtisodiyotda axborot tizimlari” fanlaridan dars berib kelmoqda. Iqtisodiy taʼlim o‘quv jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida “IP TEST” axborot tizimi (AGU 0074-sonli guvohnoma) va “Kontingent” axborot tizimini (AGU 0073-sonli guvohnoma) ishlab chiqqan va amaliyotga joriy qilgan.
“O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi”, “Iqtisod va taʼlim”, “Servis” va “O‘zbekiston iqtisodiyoti” kabi ilmiy-amaliy jurnallar tahririyatining aʼzosidir.
2017-yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

