|
|
G'oyibnazarov Bahodir KarimovichIqtisodiyot fanlari doktori, professor. |
Bahodir G‘oyibnazarov 1971-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, maʼlumoti – oliy, 1994-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini imtiyozli diplom bilan, 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlagan, mutaxassisligi – iqtisodchi, davlat boshqaruvi. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Mehnat faoliyatini 1997-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Statistika” kafedrasida katta o‘qituvchisi lavozimidan boshlab, 1997-2019-yillarda fan va taʼlim hamda statistika sohasida turli rahbar lavozimlarida mehnat qilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tizimida turli rahbar lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Bahodir G‘oyibnazarov 2008-yildan 2019-yilgacha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy kengash aʼzosi hamda kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat yuritib kelgan. Bugungi kunda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi ilmiy kengash aʼzosi hamda kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Bahodir G‘oyibnazarov Shveysariya, Xitoy Xalq Respublikasi, Germaniya, Janubiy Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Moldova, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlarida xalqaro ilmiy seminar va konferensiyalarda faol ishtirok etgan.
Makroiqtisodiyot va statistika sohasida 20 dan ortiq darslik, monografiya, o‘quv qo‘llanma va 400 dan ortiq ilmiy maqolalar va tezislar chop etgan. 3 nafar fan doktori va 9 nafar fan nomzodlari (PhD)ni dissertatsiya ishlariga, 100 dan ortiq magistrlik va bitiruv malakaviy ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelmoqda.


