
|
|
Gulyamov Saidahror SaidahmedovichIqtisodiyot fanlari doktori, akademik |
Gulyamov Saidahror Saidahmedovich 1947-yil 25-iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964-yilda maktabni oltin medal bilan tamomlagan. Iqtisodchi olim. 1969-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tugatgan. 1973-yili G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida fan nomzodligi, hamda 1981-yili M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida iqtisod fanlari doktori ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiyalarni himoya qilgan.
1984-yildan professor va 1995-yili O‘zbekiston Fanlar akademigi etib saylangan. 1991-yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. 1974-yildan boshlab Toshkent xalq xo‘jaligi instituti “Iqtisodiy kibernetika” kafedrasida katta o‘qituvchi, 1974–1978 yillarda dotsent, 1984–1985 yillarda “Iqtisodiy kibernetika” fakulteti dekani, 1986–1988 yillarda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, 1988–1991 yillarda Toshkent Xalq xo‘jaligi instituti rektori lavozimida ishlagan.
1991-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan institutga universitet maqomi berildi va 1998-yilgacha akademik S.S.Gulyamov Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti rektori, 1998–2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri, 2004–2006 yillarda yana Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori vazifalarini bajardi.
Akademik S.S.Gulyamov yaratgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarining soni 20 dan ortiq. 280 dan ortiq monografiya, muammoli maqolalari , tezislar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida ham 20 dan ortig‘i chop etilgan.
“Ustoz” va “Isteʼdod” Prezident fondining raisi sifatida 1,3 mingga yaqin professor-o‘qituvchilarni xorijning yetakchi o‘quv markazlarida (Garvard, Kembrij, Sarbonna, Shanxay, Merilend, Vestminister, Seul, Song universitetlarida, V.G.Plexanov nomidagi RIU, Fontis, Lomonosov nomidagi MDU) ommaviy tarzda malakasini oshirish jarayonlari hamda Internet orqali masofadan o‘qitish taʼlimini mamlakatimizda joriy qildi.
Akademik S.S.Gulyamovning tashabbusi bilan jahonning ilmiy maktablar yaratgan eng nufuzli universitetlari bilan O‘zbekistonning ko‘plab Oliy O‘quv Yurtlari, ilmiy-nazariy va o‘quv-metodik aloqalar o‘rnatdi va 30 ga yaqin shartnomalar tuzildi. Jumladan, Buyuk Britaniya (Kembrij, Vestministr v.b.), Fransiya (Sarbona, Marsel v.b.), Gollandiya (Fontis), Yaponiya (Voseda), Germaniya (Gamburg), XXR (Shanxay), Rossiya (MTU, REA), Janubiy Koreya (Seul, Song), Malayziya (Malaya, MARA), Hindiston (Deli, Moliya), Ispaniya (Al-Kala), Italiya (Baloniya), AQSH (Merelend, Amerika v.b.) va boshqalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Mazkur davlatlarning universitetlari va mamlakatimizning yetakchi oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda 35 ga yaqin xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi, faol ilmiy tadqiqotlar olib borildi. 350 dan ortiq ilmiy-pedagog kadrlar almashinuvi amalga oshirildi. 130 ga yaqin xorij professorlari O‘zbekistonga taklif etilib, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishda hamkorlik qilishdi.
Shuningdek, u “Iqtisod va taʼlim” ilmiy-nazariy va va ommabop yangi jurnal tashkil etilishiga bosh-qosh bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi nashri “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar” jurnalini 5 yil (2006-2010) davomida bosh muharriri sifatida boshqardi. Hozirgi kunda mazkur jurnal tahririyati aʼzosi. O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari Kengashining “O‘zbekiston” jurnalini 7 yil (2005-2013) davomida boshqarib, xalqaro do‘stlik aloqalari faoliyatini yana-da rivojlantirish uchun maʼnaviy-maʼrifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi. “O‘zbekiston” jurnali rus va ingliz tillarida xorijda tarqatila boshlandi. “O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi”, “Salomat bo‘ling” va “SHIFO-Info” jurnallarining tahrir aʼzosi.
1997-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2000 yilda “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. 1992-yilda “Mustaqillik”, 2001-yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.
Akademik S.S. Gulyamovning rahbarligida 45 nafar fan nomzodi hamda 24 nafar fan doktori tayyorlandi.
2010-yildan to hozirga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirishva statistik tadqiqotlar institutida kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

